Yangiliklar
Latviya biznesi O‘zbekistonda yangi logistika xablarini yaratishni taklif qildi
O‘zbekiston Transport vazirligi latviyalik tadbirkorlar delegatsiyasi bilan transport va logistika sohasida hamkorlikni rivojlantirish, tranzit tashuvlar hajmini oshirish hamda ikki mamlakatning transport-logistika salohiyatidan foydalanish masalalarini muhokama qildi. Bu haqda O‘zbekiston Transport vazirligi xabar bermoqda.Uchrashuv 6 oktyabr kuni bo‘lib o‘tdi. Latviya delegatsiyasiga O‘zbekistondagi Latviya Respublikasi elchixonasi vakili Eviya Dumpe boshchilik qildi.
Muzokaralar davomida tomonlar O‘zbekiston va Latviya o‘rtasidagi transport-logistika hamkorligini yanada rivojlantirish istiqbollarini ko‘rib chiqdilar. Alohida e’tibor tranzit tashuvlarni ko‘paytirish va ikki mamlakat transport tizimlarining imkoniyatlaridan yanada samarali foydalanishga qaratildi.
Latviyalik tadbirkorlar O‘zbekiston hududida yangi logistika xablarini yaratishga qiziqish bildirdilar. Ularning taklifiga ko‘ra, bunday markazlar o‘zbek mahsulotlarini Xitoy va Osiyoning boshqa mamlakatlari bozorlariga yetkazib berishni tashkil etish uchun ishlatilishi mumkin.
Shuningdek, O‘zbekiston orqali Osiyo mamlakatlaridan Latviya va boshqa Yevropa davlatlari bozorlariga yuklarni yetkazib berishni tashkil etish imkoniyati ham muhokama qilindi.
Uchrashuv davomida Latviya tomoni temir yo‘l va aviatsiya transporti sohasida hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha bir qator takliflarni ham taqdim etdi.
Tomonlar Markaziy Osiyo, Osiyo va Yevropa o‘rtasida transport yo‘nalishlarini rivojlantirish hamda yuk tashish imkoniyatlarini kengaytirish bilan bog‘liq istiqbolli hamkorlik yo‘nalishlarini muhokama qildilar.
Manba