"Transport va logistika – TransLogistica Uzbekistan 2026" 22-Xalqaro ko`rgazmasi

10 - 12 noyabr 2026, O`zekspomarkaz MKK / Toshkent, O`zbekiston

Yangiliklar

O‘zbekiston Gruziyadagi Anakliya porti qurilishida ishtirok etish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda — MIPT

Qurilish yakunlangach, Gruziyaning eng yirik chuqur suvli porti Xitoy — Qirg‘iziston — O‘zbekiston koridoriga xizmat ko‘rsatishi mumkin bo‘ladi.

Spot avvalroq yozganidek, 2-iyul kuni Shavkat Mirziyoyev davlat tashrifi bilan Gruziyaga bordi va bosh vazir Irakliy Kobaxidze bilan uchrashdi.

O‘zbekiston Anakliya chuqur suvli porti qurilishi loyihasida ishtirok etish va Gruziya portlarida infratuzilma joylashtirish imkoniyatini o‘rgandi, deya xabar berdi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi matbuot xizmati.

3−4-iyul kunlari O‘zbekiston delegatsiyasi transport vaziri Ilhom Mahkamov hamda investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov boshchiligida Gruziyaning transport infratuzilmasi — Anakliya, Poti va Batumi portlari, shuningdek, Poti erkin industrial zonasiga tashrif buyurdi.

Gruziyaning Qora dengiz sohilida qurilayotgan Anakliya chuqur suvli portiga alohida e’tibor qaratildi. Qurilish yakunlangach, u barcha turdagi kemalarni qabul qila oladi va xalqaro yo‘nalishlarning, jumladan Xitoy — Qirg‘iziston — O‘zbekiston koridori doirasidagi muhim bo‘g‘inga aylanishi mumkin.

«Anakliyani o‘rganish davomida Gruziyaning eng yirik chuqur suvli portini yaratishda O‘zbekiston tomonining ehtimoliy ishtirokiga e’tibor qaratildi», — deyiladi MIPT xabarida.

Potida delegatsiya erkin industrial zona korxonalari faoliyati bilan tanishdi hamda o‘zbek yuklari uchun ombor va terminal infratuzilmasini joylashtirish istiqbollarini ko‘rib chiqdi.

Batumida delegatsiya a’zolari Batumi Sea Port va Batumi International Container Terminal obyektlariga tashrif buyurdi. U yerda O‘zbekiston eksport-import yuklarini Yevropa va Lotin Amerikasi mamlakatlariga tashishni tashkil etish masalalari muhokama qilindi, deya xabar berdi «O‘ztemiryo‘lkonteyner».

Tashrif yakunlari bo‘yicha hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlari belgilandi: bitimlar ishlab chiqish va O‘zbekiston kompaniyalari ishtirokida konsorsium shakllantirish rejalashtirildi.

Avvalroq Spot O‘zbekiston Gruziyaning Poti va Batumi portlari orqali tovar yetkazib berishni oshirishi haqida yozgan edi.

Manba