Yangiliklar
Ummon portlari — o‘zbek mahsulotlarini jahon bozorlariga olib chiqish uchun yangi logistika imkoniyatlari
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Ummon Sultonligiga davlat tashrifi doirasida O‘zbekiston Respublikasi transport vaziri Ilhom Mahkamov Ummon Sultonligining milliy integratsiyalashgan logistika guruhi "Asyad Group" bosh direktori Abdulrahmon Salim Al-Xasmi bilan uchrashuv o‘tkazdi.Uchrashuv davomida tomonlar transport-logistika sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish, O‘zbekistonning qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini Ummon bozoriga yetkazib berishda ummon portlarining salohiyatidan samarali foydalanish, shuningdek logistika va omborxona tarmog‘ini rivojlantirish masalalarini muhokama qildilar.
Xususan, O‘zbekiston mahsulotlarini Afrika va dunyoning boshqa mintaqalari bozorlariga chiqarish uchun Ummonning strategik ahamiyatga ega bo‘lgan Sohar, Dukm va Salala portlaridan foydalanish istiqbollari yuzasidan fikr almashildi.
Shuningdek, "Asyad Group" kompaniyasining dunyoning ko‘plab mamlakatlarida faoliyat yuritayotgan logistika operatorlari va omborlari tarmog‘idan foydalangan holda O‘zbekiston mahsulotlarini Yevropa, Afrika va Osiyo mamlakatlariga yetkazib berish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.
Manba