"Transport va logistika – TransLogistica Uzbekistan 2026" 22-Xalqaro ko`rgazmasi

10 - 12 noyabr 2026, O`zekspomarkaz MKK / Toshkent, O`zbekiston

Yangiliklar

Transport-logistika sohasidagi yirik loyihalarni amalga oshirish jarayoni ko‘rib chiqildi

Prezident Shavkat Mirziyoyev transport-logistika sohasidagi yirik loyihalarni amalga oshirish jarayoni bo‘yicha taqdimot bilan tanishdi.

Mamlakat iqtisodiyotining jadal o‘sishi, sanoat ishlab chiqarishi va tashqi savdo hajmlarining ortishi transport infratuzilmasini izchil rivojlantirishni talab etmoqda. Bu yo‘nalishdagi ustuvor vazifalardan biri O‘zbekistonni Tinch okeanidan Yevropagacha bo‘lgan eng qisqa quruqlik yo‘lining muhim tuguniga aylantirish, shuningdek, xalqaro bozorlarga chiqish imkoniyatlarini kengaytirishdir.

2030 yilga borib transport xizmatlari hajmini ikki barobar oshirish, sohaga 9,1 milliard dollar investitsiya jalb etish va xizmatlar eksporti hajmini 5,7 milliard dollarga yetkazish rejalashtirilgan. Taqdimot davomida ushbu maqsadlarga erishish uchun zarur infratuzilma loyihalari, ularni amalga oshirish muddatlari, shuningdek, hal etilishi lozim bo‘lgan masalalar ko‘rib chiqildi.

Avval aeroportlarni qurish va modernizatsiya qilish bo‘yicha ma’lumotlar taqdim etildi.

Toshkent va Buxoroda umumiy qiymati qariyb 3 milliard dollar bo‘lgan yangi aeroport majmualari qurilmoqda. Yangi Toshkent xalqaro aeroporti birinchi bosqichda yiliga 20 million yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatishga mo‘ljallanadi. Loyiha doirasida davlat-xususiy sheriklik bo‘yicha kelishuvlar imzolangan, qurilish maydonchasini tayyorlash va muhandislik tarmoqlarini ko‘chirish ishlari olib borilmoqda.

Yangi Buxoro xalqaro aeroportida aerodrom infratuzilmasi barpo etilmoqda. Yo‘lovchi terminalini qurish va boshqarishga xususiy sherikni jalb etish bo‘yicha xalqaro tender o‘tkazilmoqda.

Shuningdek, davlat-xususiy sheriklik asosida Urganch va Namangan aeroportlarini, xususiy operatorni jalb etgan holda esa Andijon aeroportini modernizatsiya qilish loyihalarining amalga oshirilish jarayoni ko‘rib chiqildi. Ushbu ishlar yakunida aeroportlarning o‘tkazuvchanlik qobiliyati oshadi va yo‘lovchilarga xalqaro standartlarga muvofiq xizmat ko‘rsatish imkoniyatlari kengayadi.

Avtomobil yo‘llari infratuzilmasini rivojlantirish masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi.

O‘tgan oyda qiymati 2,2 milliard dollar bo‘lgan Toshkent – Samarqand pulli avtomobil yo‘li qurilishi boshlandi. Urganch va Xivani bog‘lagan birinchi pulli avtomobil yo‘li foydalanishga topshirildi.

Taqdimot davomida Toshkent – Samarqand loyihasining keyingi bosqichlarini moliyalashtirish, Toshkent – Andijon va Toshkent – Bo‘stonliq pulli avtomobil yo‘llari loyihalari bo‘yicha investorlarni aniqlash, shuningdek, amaliy ishlarni boshlash bilan bog‘liq vazifalar muhokama qilindi.

Temir yo‘l tarmog‘ining o‘tkazuvchanlik qobiliyatini oshirish bo‘yicha takliflar taqdim etildi.

Hozirgi vaqtda asosiy tranzit yo‘nalishlardagi bir qator temir yo‘l uchastkalari yuqori yuklama bilan ishlamoqda. Sanoat yuklari hajmining o‘sishi va yangi tezyurar poyezdlarning yo‘lga qo‘yilishi mavjud infratuzilmaga yuklamani yanada oshiradi.

Shu munosabat bilan Maktaral – Sirdaryo, Angren – Pop, Toshguzar – Boysun – Qumqo‘rg‘on, Toshkent – Samarqand va Tukimachi – Angren yo‘nalishlarini modernizatsiya qilish choralari ko‘rib chiqildi. Ushbu ishlar uchun 200 million dollar ajratish hisobiga uchastkalarning o‘tkazuvchanlik qobiliyatini 25-30 foizga oshirish mumkinligi qayd etildi.

Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston temir yo‘li qurilishi, Toshkent – Samarqand yo‘nalishida alohida tezyurar temir yo‘l liniyasini yaratish, shuningdek, hududlarda temir yo‘l tarmog‘ini kengaytirish va elektrlashtirish loyihalari haqida ma’lumot berildi. Shuningdek, yuk vagonlari parkini yangilash va bu jarayonga xususiy sektorni kengroq jalb etish bo‘yicha takliflar muhokama qilindi.

Xalqaro transport koridorlarini rivojlantirish va dengiz portlari orqali jahon bozorlariga chiqish imkoniyatlarini kengaytirish masalalari ham alohida ko‘rib chiqildi.

Kaspiy dengizidagi Aktau, Turkmanboshi va Boku portlarida, shuningdek, Qora dengizdagi Poti va Anakliya portlarida O‘zbekiston ishtirokida logistika infratuzilmasini yaratish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar haqida ma’lumot berildi. Xususan, Poti portida logistika markazini tashkil etish bo‘yicha kelishuv imzolangan, loyiha texnik-iqtisodiy asoslanmasi ishlab chiqilmoqda. Anakliya portini rivojlantirishda, shuningdek, Turkiyaning Samsun va Istanbul portlariga chiqishni ta’minlaydigan Naxichevan temir yo‘lini qurishda ishtirok etish imkoniyatlari o‘rganilmoqda.

Ushbu loyihalar tashqi bozorlarga to‘qimachilik, kimyo, qishloq xo‘jaligi hamda tog‘-metallurgiya mahsulotlarini yetkazib berish yo‘nalishlarini diversifikatsiya qilish imkonini beradi.

Xalqaro transport koridorlaridan samarali foydalanish uchun mamlakatning o‘zida ham logistika markazlari tarmog‘ini kengaytirish zarurligi qayd etildi.

Xonobod va Angren shaharlari, shuningdek, Yangiyo‘l, Ohangaron, Olot va Termiz tumanlarini transport-logistika faoliyatiga ixtisoslashtirish bo‘yicha topshiriqlarning ijrosi haqida ma’lumot berildi. Toshkent shahri, Toshkent, Andijon, Surxondaryo va Buxoro viloyatlarida logistika markazlari va terminallar yaratish bo‘yicha 17 ta loyiha amalga oshirilishi rejalashtirilgan. Ularning joylashuvi, investorlarni jalb etish, moliyalashtirish va zarur infratuzilma bilan ta’minlash masalalari muhokama qilindi.

Taqdimotda yuk tashishni raqamlashtirish va sohadagi yashirin iqtisodiyotni qisqartirishga alohida e’tibor qaratildi.

Yuk tashish sohasidagi yashirin iqtisodiyot ulushi hali ham 42 foizdan oshib ketayotgani qayd etildi. Bu sohadagi asosiy muammolardan biri sifatida mahalliy yuk avtomobillari yagona reyestrining, elektron buyurtmalar shakllantirish va barcha transport xizmatlarini birlashtiruvchi yagona elektron tizimning yo‘qligi ko‘rsatildi.

Shu munosabat bilan yagona raqamli transport tizimini yaratish, tashuvchilar reyestrini shakllantirish, elektron yo‘l hujjatlari va buyurtmalarni qabul qilish uchun agregator joriy etish taklif qilindi. Shuningdek, elektron ruxsatnomalar almashinuvini kengaytirish va xalqaro tashuvlarda yuklar harakatini real vaqt rejimida kuzatish imkoniyatlarini joriy etish choralari ko‘rib chiqildi.

Bu orqali tashuvchilar uchun qulayliklar yaratish, norasmiy xizmatlarni legallashtirish va sohada shaffoflikni oshirish ko‘zda tutilgan.

Davlatimiz rahbari taqdim etilgan loyihalarni amalga oshirish muddatlari, ularning moliyalashtirish manbalari va kutilayotgan natijalarini aniq belgilash, shuningdek, ularni o‘zaro bog‘liq holda amalga oshirish muhimligini ta’kidladi. Ko‘rib chiqilgan masalalar yuzasidan mas’ullarga topshiriqlar berildi.

Manba