"Transport va logistika – TransLogistica Uzbekistan 2026" 22-Xalqaro ko`rgazmasi

10 - 12 noyabr 2026, O`zekspomarkaz MKK / Toshkent, O`zbekiston

Yangiliklar

Transport-logistika tizimini rivojlantirish bo‘yicha takliflar ko‘rib chiqildi

Prezident Shavkat Mirziyoyev transport-logistika tizimini rivojlantirish va mamlakatning tranzit salohiyatidan samarali foydalanish bo‘yicha takliflar taqdimoti bilan tanishdi.

Bugungi kunda O‘zbekiston Sharq va G‘arbni bog‘lovchi yirik quruqlik transport xabiga aylanish uchun keng imkoniyatlarga ega. Mamlakatimiz hududidan xalqaro ahamiyatga ega 4 ming kilometr tranzit yo‘laklari o‘tadi, temir yo‘l tarmog‘ining uzunligi esa 4,7 ming kilometrni tashkil etadi.

Toshkent shahri, Navoiy va Namanganda zamonaviy transport-logistika markazlari hamda “quruq portlar” rivojlanmoqda. Navoiy aeroporti Yevroosiyo havo yo‘nalishlarida muhim yuk uzeli vazifasini bajarmoqda.

Bundan tashqari, “Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston” temir yo‘li qurilishi hamda Transafg‘on temir yo‘li loyihasini amalga oshirishni jadallashtirish mamlakatimizning mintaqaviy va xalqaro transport tizimidagi o‘rnini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.

Ushbu yirik loyihalar amalga oshirilishi natijasida O‘zbekiston Tinch okeanidan Yevropagacha bo‘lgan eng qisqa quruqlik yo‘nalishining muhim bo‘g‘iniga aylanadi. Ushbu yo‘lak yuklarni yetkazib berish muddatini 8 kungacha qisqartirish imkonini beradi, bu an’anaviy yo‘nalishlarga nisbatan 3 baravar kamdir. Bundan tashqari, Pokistondagi Karachi va Gvadar portlari orqali Hind okeaniga chiqish, shuningdek, aholisi qariyb 2 milliard kishini tashkil etuvchi Janubiy Osiyo bozorlariga eng tezkor yo‘l ochiladi.

Taqdimotda mamlakatning ushbu sohadagi mavjud salohiyati hozircha to‘liq foydalanilmayotgani qayd etildi.

Xitoy va Yevropa o‘rtasidagi yillik tovar ayirboshlash hajmi 800 milliard dollarni, yuk tashish hajmi esa 120-150 million tonnani tashkil etadi. Agar O‘zbekiston har yili qo‘shimcha ravishda 15-20 million tonna xalqaro tranzit yuklarini qabul qila olsa, qo‘shimcha 400-600 million dollar daromad olish, logistika markazlari va terminallar qurilishiga 3 milliard dollar xorijiy investitsiya jalb qilish hamda 50 mingta barqaror ish o‘rni yaratish imkoniyati paydo bo‘ladi. Bu iqtisodiy o‘sish sur’atlarini 1,5-2 foiz bandga tezlashtirishi mumkin.

Biroq hozircha O‘zbekistonning ushbu tranzit aylanmasidagi ulushi 1-2 foizdan oshmayapti. 2025 yilda tranzit yuk tashish hajmi 15,3 million tonnani tashkil etib, 2021 yilga nisbatan 54 foizga oshgan bo‘lsa-da, mavjud salohiyat bundan ancha yuqori natijalarga erishish imkonini beradi.

Hisob-kitoblarga ko‘ra, ko‘plab chegara o‘tkazish punktlari mavjud bo‘lishiga qaramay, ularning aksariyati xalqaro yuklarni tezkor qabul qilish va rasmiylashtirish uchun yetarli o‘tkazish quvvatiga ega emas. Mamlakatda xalqaro talablarga javob beradigan 27 ta logistika markazi faoliyat yuritmoqda, ularning umumiy quvvati 27,2 million tonnani tashkil etadi. Biroq ulardan faqat bittasi oliy toifaga kiradi. “A” toifasidagi avtomatlashtirilgan ombor majmualari mavjud ehtiyojning atigi 10-15 foizini qoplaydi. Shuningdek, zamonaviy sovutkichli va bojxona omborlari yetishmovchiligi ham sezilmoqda.

Shuningdek, logistika markazlari asosan Toshkent va uning atrofida jamlangani, konteynerlashtirish ulushi pastligicha qolayotgani, davlat organlari va xususiy logistika markazlari axborot tizimlari to‘liq integratsiya qilinmagani, sohani raqamlashtirish darajasi yetarli emasligi qayd etildi.

Taqdimotda Xonobod va Angren shaharlari, shuningdek, Yangiyo‘l, Ohangaron, Olot va Termiz tumanlarini transport-logistika sohasini rivojlantirishga ixtisoslashtirish taklif etildi.

Xonobod shahri “Xitoy yo‘lining darvozasi” sifatida Xitoy – Markaziy Osiyo – Kaspiy dengizi – Kavkaz – Yevropa, Xitoy – Markaziy Osiyo – Transafg‘on yo‘nalishi va Xitoy – Markaziy Osiyo – Eron tranzit yo‘laklariga xizmat ko‘rsatadi. Angren shahri hamda Yangiyo‘l va Ohangaron tumanlari tranzit va tashqi savdo yuklari uchun oraliq taqsimlash markazlari sifatida rivojlantiriladi.

Olot tumani “O‘rta koridor darvozasi”ga aylanib, Xitoy – Markaziy Osiyo – Kaspiy dengizi – Kavkaz – Yevropa hamda Xitoy – Markaziy Osiyo – Eron yo‘nalishlariga ixtisoslashadi. Termiz tumani esa “Transafg‘on koridori darvozasi” sifatida Xitoy – Markaziy Osiyo – Transafg‘on koridori – Pokiston transport yo‘nalishiga yo‘naltiriladi.

Ushbu hududlarda logistika markazlari tashkil etishni rejalashtirayotgan tadbirkorlarga har bir tumanda 50 gektardan, jami 300 gektar yer maydonlari taklif etiladi. Bu maqsadlar uchun har yili 200 million dollar hajmida imtiyozli va past foizli kredit liniyalarini ajratish ko‘zda tutilgan. Logistika markazlari uchun tashqi infratuzilma byudjet mablag‘lari hisobidan yaratiladi.

Shuningdek, Qibray va Termiz tumanlarida bojxona terminallari va avtoturargohlar qurish, Xonobod shahrida xalqaro temir yo‘l chegara o‘tkazish punktini tashkil etish, Yangiyo‘l tumanidagi temir yo‘l stansiyasini kengaytirish hamda Ohangaron tumanida yirik “A” toifasidagi logistika markazini qurish bo‘yicha takliflar ko‘rib chiqildi.

Taqdimotda raqamlashtirish va zamonaviy boshqaruv tizimlarini joriy etish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Logistika markazlarida terminallar va omborlarni boshqarish tizimlarini joriy etish, ularni “E-logistika” platformasi bilan integratsiya qilish, shuningdek, onlayn monitoring, avtomobil raqamlarini tanib olish va transport vositalarining elektron hisobini yuritish tizimini yo‘lga qo‘yish taklif etildi.

Chegara o‘tkazish punktlarida yuklarni rasmiylashtirish jarayonlarini “bir to‘xtash” tamoyili asosida tezlashtirish zarurligi ta’kidlandi.

Sohaga xususiy investitsiyalarni keng jalb qilish uchun logistika markazlari, ombor va yuk ortish-tushirish texnikasi, agregatlar hamda ehtiyot qismlar uchun zamonaviy uskunalarni olib kirishda bojxona to‘lovlari va majburiy sertifikatlash talablarini soddalashtirish taklif etildi.

Davlatimiz rahbari transport-logistika tizimi mamlakatning eksport salohiyatini oshirish, investitsiyaviy jozibadorligini kuchaytirish va hududlarni rivojlantirishda strategik ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi.

Mas’ul shaxslarga xalqaro transport yo‘laklaridan samarali foydalanish, logistika markazlari tarmog‘ini kengaytirish, sohani raqamlashtirish hamda xususiy sektor uchun qulay sharoitlar yaratish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Manba