"Transport va logistika – TransLogistica Uzbekistan 2025" 21-Xalqaro ko`rgazmasi

11 - 13 noyabr 2025, O`zekspomarkaz MKK / Toshkent, O`zbekiston

Yangiliklar

Savdo va yuk tashish: Shavkat Mirziyoyev Pokiston bosh vaziri bilan muzokara o‘tkazdi

Tomonlar O‘zbekiston-Pokiston munosabatlarini yanada kengaytirish va mustahkamlashga doir qator masalalarni ko‘rib chiqdilar.

Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Pokiston Bosh vaziri Shahboz Sharif tor doirada va rasmiy delegatsiyalar ishtirokida muzokaralar oʻtkazdi, deb xabar qildi davlat rahbari matbuot xizmati.

Tomonlar O‘zbekiston-Pokiston strategik sheriklik munosabatlarini yanada kengaytirish va mustahkamlashga doir qator masalalarni ko‘rib chiqdilar.

Taʼkidlanishicha, 2024-yilda mamlakatlar oʻrtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 400 million dollardan oshdi, qoʻshma korxonalar soni 130 taga yetdi. Karachi va Toshkentda savdo uylari ochildi, Toshkent va Lahor oʻrtasida toʻgʻridan-toʻgʻri aviaqatnovlar yoʻlga qoʻyildi.

Muzokaralar chog‘ida savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Qabul qilingan “yo‘l xaritasi” asosida tovar ayirboshlash hajmini 2 milliard dollarga yetkazish bo‘yicha kelishilgan chora-tadbirlarni ko‘rish muhimligi ta’kidlandi.

Imtiyozli savdo bitimi doirasida tovarlar assortimentini kengaytirish, fitosanitariya va karantin talablarini, bojxona tartib-taomillarini o‘zaro soddalashtirish, standartlarni yaqinlashtirish, elektron savdo maydonchalarini integratsiya qilish, xaridlar tizimiga kirishni ta’minlash, banklararo hisob-kitoblar mexanizmlarini takomillashtirish va boshqalar ustuvor vazifalar hisoblanadi.

Shuningdek, yetakchi kompaniyalarning farmatsevtika, elektrotexnika, qishloq xo‘jaligi, qishloq xo‘jaligi mashinasozligi, geologiya va mineral resurslar, to‘qimachilik, charm va boshqa tarmoqlarda hamkorlik loyihalarini amalga oshirish rejalari ko‘rib chiqildi.

Hududlar oʻrtasida ishbilarmonlik va madaniy aloqalarni ragʻbatlantirish maqsadida Shavkat Mirziyoyev Oʻzbekistonda ikki davlat hududlari forumini oʻtkazishni taklif qildi.

Oxirgi bir necha yil ichida O‘zbekiston-Afg‘oniston-Pokiston multimodal koridori orqali yuk tashish hajmi 5 barobar oshdi. Yuk aylanmasi hajmini yanada oshirish maqsadida qo‘shma transport-logistika kompaniyasi tashkil etish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Bundan tashqari, Trans-Afgʻon temir yoʻli qurilishi loyihasini amalda ilgari surish maqsadida birgalikdagi saʼy-harakatlarni muvofiqlashtirish muhimligi taʼkidlandi. Hukumatlararo komissiyaning navbatdagi yig‘ilishini joriy yilning iyul oyida Lahor shahrida o‘tkazish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Tomonlar madaniy-gumanitar va sayyohlik almashinuvlarini yanada kengaytirish tarafdori bo‘lishdi. Shu nuqtai nazardan, o‘zaro madaniyat haftaliklari va turizm dasturlari taqdimotlarini o‘tkazishga kelishib olindi.

Shuningdek, dolzarb xalqaro va mintaqaviy kun tartibi yuzasidan fikr almashildi. BMT, Qo‘shilmaslik harakati, Islom hamkorlik tashkiloti, ShHT va boshqa ko‘p tomonlama tuzilmalar doirasida o‘zaro yordamni davom ettirish muhimligi qayd etildi.

O‘zbekiston Prezidenti va Pokiston Bosh vaziri terrorizm, radikalizm, islomofobiya va boshqa zamonaviy xavfsizlik tahdidlariga qarshi kurashda kuchlarni birlashtirish zarurligini ta’kidladi.

Har tomonlama hamkorlikning yangi yo‘nalishlarini rivojlantirish maqsadida Strategik sheriklik bo‘yicha Oliy kengash tuzish va uning birinchi majlisini kelasi yili o‘tkazishga kelishib olindi.

Oliy darajadagi muzokaralar natijasida erishilgan kelishuvlar va imzolangan kelishuvlarni o‘z vaqtida amalga oshirish bo‘yicha qo‘shma “yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqish va tasdiqlash to‘g‘risida qaror qabul qilindi.

Manba