Yangiliklar
Transport sohasida amalga oshirilayotgan loyihalarning borishi ko‘rib chiqildi
Prezident Shavkat Mirziyoyev transport infratuzilmasini modernizatsiya qilishga qaratilgan yirik loyihalar doirasida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan taqdimot bilan tanishdi.🛣 Toshkent – Samarqand yo‘nalishi bo‘yicha yangi zamonaviy avtomagistral qurilishi loyihasi ko‘rib chiqildi. Rejaga ko‘ra, ushbu yo‘lning umumiy uzunligi 282 kilometrni tashkil etadi. 140 kilometr uzunlikdagi ayrim uchastkalarda gruntni mustahkamlash ishlari amalga oshiriladi. Loyiha 12 ta transport chorrahasi, 91 ta ko‘prik va 16 ta yo‘l o‘tkazgich qurilishini nazarda tutadi.
Qurilishi besh yil ichida yakunlanishi rejalashtirilgan mazkur yo‘l IA toifali magistral bo‘ladi. Bu esa uning avtomobil yo‘llari uchun belgilangan eng yuqori texnik me’yorlar va xavfsizlik standartlariga mos kelishini anglatadi. Har biri 3,75 metr kenglikdagi sement-beton qoplamali 6 ta harakat yo‘lagi tashkil etiladi. Loyihaviy tezlik 150 kilometr/soatni tashkil etadi.
Shuningdek, Toshkent – Angren – Qamchiq dovoni yo‘nalishi bo‘yicha 171 kilometr uzunlikdagi muqobil avtomobil yo‘li qurilishi loyihasi ham amalga oshiriladi. 33 kilometr tunnel va bir qator yirik muhandislik inshootlari barpo etilishi rejalashtirilmoqda.
Davlatimiz rahbariga moliyalashtirish manbalari va xorijiy investorlarni jalb etish bo‘yicha olib borilayotgan muzokaralar haqida axborot berildi.
Avtomobil yo‘llarini loyihalashda transport muhandisligi sohasidagi zamonaviy yechimlardan foydalanish, intellektual boshqaruv va monitoring tizimlarini joriy etish hamda yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlashga alohida e’tibor qaratish lozimligi ta’kidlandi.
Taqdimotda Toshkent – Chorvoq va Urganch – Xiva avtomobil yo‘llarini qurish loyihalarining amalga oshirilish jarayoni haqida ham ma’lumot berildi.
✈️ Bundan tashqari, Toshkent yangi xalqaro aeroporti qurilishi loyihasining asosiy parametrlari ko‘rib chiqildi. Birinchi bosqichda 208,4 ming kvadrat metr maydonga ega yo‘lovchi terminali hamda uzunligi 4 kilometr bo‘lgan ikkita uchish-qo‘nish yo‘lagi qurilishi rejalashtirilgan. Yiliga 20 million yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatish, soatiga 30 ta uchish va qo‘nishni ta’minlash hamda 169 ta samolyot uchun to‘xtash joylari tashkil etishga mo‘ljallangan infratuzilma barpo etiladi.
Kelajakdagi aeroport hududida olib borilayotgan loyiha-qidiruv ishlari hamda loyihani amalga oshirishning keyingi bosqichlari haqida ma’lumot berildi.
Prezident mas’ul shaxslarga loyihalarni texnik va iqtisodiy jihatdan puxta ishlab chiqish, qurilish ishlarini zamonaviy standartlarga muvofiq tashkil etish va transport infratuzilmasining uzoq muddat barqaror ishlashini ta’minlash bo‘yicha topshiriqlar berdi.
Manba